MEROS Pharm MEROS Academy korporativ universitetiga asos soldi

MEROS Pharm kompaniyasi barqaror rivojlanish va inson kapitaliga sarmoya kiritish yo‘lida muhim qadam tashladi — kompaniya xodimlarini kasbiy o‘qitish va rivojlantirish uchun tashkil etilgan korporativ universitet — MEROS Academyning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Yangi ta’lim markazi zamonaviy farmatsevtika biznesi standartlariga yo‘naltirilgan kadrlar tayyorlash tizimining muhim bo‘g‘iniga aylanadi.

Tantanali tadbirda kompaniya hamkorlari, jumladan Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki (YTTB), shuningdek, kadrlarni o‘qitish va rivojlantirishga ixtisoslashgan xalqaro tashkilot People 1st vakillari ishtirok etdi. Akademiyaning ochilishi nafaqat kompaniya, balki uning strategik ittifoqchilari uchun ham muhim voqea bo‘ldi.

MEROS Academy rahbari akademiyaning konsepsiyasi va asosiy rivojlanish yo‘nalishlarini taqdim etdi. U xalqaro hamkorlik, innovatsion ta’lim yondashuvlarini joriy etish hamda xodimlar uchun martaba yo‘llarini yaratishga alohida urg‘u berdi. Tadbir davomida People 1st boshqaruvchi direktori, Jeyn Reksvorti tomonidan qo‘llab-quvvatlov so‘zlari yangradi. U MEROS Academy katta salohiyatga ega ekanligini va bu markaz farmatsevtika sohasida malakali mutaxassislar uchun o‘sish va rivojlanish maskaniga aylanishi mumkinligini ta’kidladi.

Mazkur tadbir yangi loyihaning oddiy rasmiy boshlanishi emas, balki MEROS Pharmning kasbiy, motivatsiyalangan va barqaror rivojlanayotgan jamoani shakllantirish bo‘yicha strategiyasidagi muhim bosqich bo‘ldi. Bu jamoa tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi tezkor o‘zgarishlar sharoitida eng murakkab vazifalarni hal eta olish salohiyatiga ega bo‘ladi.